Endilikda farzandingizning maktabdagi baholarini MyGov orqali ko‘rishingiz mumkin
Ota-onalar farzandining baholari va maktabi haqidagi ma’lumotlarni my.gov.uz portali yoki MyGov ilovasi orqali masofadan ko‘rishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Xizmat orqali har bir fan bo‘yicha joriy baholar va o‘rtacha ko‘rsatkich, sinfdagi baholar statistikasi hamda o‘zlashtirish darajasi bilan tanishish mumkin. Shuningdek, maktabning nomi, manzili, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning umumiy soni ko‘rsatiladi.
Foydalanish uchun my.gov.uz yoki MyGov ilovasidagi shaxsiy kabinetga kirib, «Mening oilam» bo‘limida farzandingiz ma’lumotlari yonidagi «Maktab ma’lumotlari» tugmasini bosish kerak.