Yangi Toshkentda biznes uchun to‘lovlar kamaytiriladi, hududlar tadbirkorlariga yer ajratiladi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Yangi Toshkentda biznes loyihalari uchun yangi yengilliklarni e’lon qildi.

Infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi. Bu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.

Viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlari loyihalari uchun 100 gektardan yer ajratiladi. Poytaxtning har bir tumaniga ham shuncha maydon biriktirilgan. Dastlabki auksionlarda faqat tegishli hudud tadbirkorlari qatnashadi, investitsiyalar esa o‘sha hudud ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi.

Qiymati 50 million dollardan yuqori noturar joy loyihalarining «yashil» sertifikat xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Har bir uchastkaning 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi qo‘llanmaydi – shaharning 30 foizini yashil hududga aylantirishni davlat ta’minlaydi. Shuningdek, 50 million dollardan yuqori har bir loyihaga mas’ul biriktirilib, alohida investitsiya bitimi tuziladi.

Yer ajratishda «Swiss challenge» tamoyili joriy qilinadi: tashabbus ochiq e’lon qilinib, boshqa talabgor yaxshiroq shart taklif etmasa, yer dastlabki tashabbuskorga beriladi. Ruxsat olish jarayonlari tezlashtirilib, tayyor loyiha hujjatlariga ega lotlar ko‘paytiriladi.

Xorijiy investorlar uchun dastlabki 50 ta lot belgilangan. Ular haqidagi tayyor takliflar elchilarga yetkaziladi. Yangi Toshkent uchun e’lon qilingan imtiyozlar Samarqanddagi «Shirin» massiviga ham tatbiq etiladi.

Hozirgacha Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Yil oxirigacha 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.



Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring