Prezident Buxoroda qiymati 7 milliard dollardan ziyod obyektlarning faoliyati va qurilishini boshlab berdi
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi obyektlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi.
Umumiy qiymati 7,8 milliard dollarlik 145 ta loyihadan 654 million dollarlik 55 tasi ishga tushirildi, 7,1 milliard dollarlik 90 tasining qurilishi boshlandi. Loyihalar sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilma sohalarini qamrab oladi.
Ular hisobiga 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish, yiliga 22 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 510 million dollarlik eksport imkoniyatini shakllantirish kutilmoqda.
Buxoro turizm markazida «Boqiy Buxoro» madaniy-etnografik parki, ko‘rgazmalar zali va mehmonxonalar barpo etiladi. Shaharda «Indigo», «Holiday Inn» va «Hilton» brendlari ostida mehmonxonalar tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, 633 million dollarlik ikkita suv ta’minoti loyihasi orqali 2 million aholining suv ta’minotini yaxshilash, 781 ming kishini ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.