2027-yildan maktablarda “Juniors Tennis Initiative” joriy etiladi – Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari sovrindorlari uchun mukofotlar oshirildi
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida “Juniors Tennis Initiative” dasturi joriy etiladi.
Dastur doirasida:
– 1–4-sinf o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantiruvchi boshlang‘ich mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi;
– o‘quvchilarning qiziqishi va mavjud sport infratuzilmasiga qarab tennis yo‘nalishi rivojlantiriladigan maktablar tanlab olinadi;
– tanlangan maktablarda tennis bo‘yicha sport seksiyalari tashkil etilib, ular O‘zbekiston tennis federatsiyasi mablag‘lari hisobidan sport inventarlari, jumladan, “tennis wall” moslamalari bilan jihozlanadi;
– mashg‘ulotlarni hududdagi sport maktablaridan jalb etilgan trenerlar olib boradi.
Shuningdek, Prezidentning 2023-yil 7-apreldagi PQ–114-son qarori 7-ilovasining 9 va 10-bandlarida belgilangan bir martalik pul mukofotlari miqdori oshirildi.
Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari sovrindorlari uchun:
– oltin medal – 25 000 AQSH dollari;
– kumush medal – 12 500 AQSH dollari;
– bronza medal – 6 250 AQSH dollari.
Ularni tayyorlagan trenerlar uchun:
– oltin medal – 10 000 AQSH dollari;
– kumush medal – 5 000 AQSH dollari;
– bronza medal – 2 500 AQSH dollari.