“Yangi qurilishlar shaharni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak” – Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva yirik loyihalar tashabbuskorlari, mustaqil mutaxassislar va urbanistlar, ixtisoslashgan ijodiy studiyalar hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Toshkentning jadal kengayishi fonida shaharsozlik va ekologiya bilan bog‘liq masalalar, jumladan, muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy obyektlarga tushayotgan yuk, elektr hamda suv ta’minoti muammolari muhokama qilindi.
“Yangi qurilishlar shaharni rivojlantirishga xizmat qilishi, qo‘shimcha nomutanosiblik keltirib chiqarmasligi va hududiy tizimlarni ortiqcha zo‘riqtirmasligi kerak”, – dedi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, Toshkentni yanada qulay, ko‘rkam, ozoda va xavfsiz shaharga aylantirishga qaratilgan biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.