Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi
Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari Donald Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan yana bir bor tabrikladi.
Prezident Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston–Amerika munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga yetganini hamda ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida ishonchga asoslangan yaqin muloqot o‘rnatilganini ta’kidladi.
Oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlarning jadal sur’atiga yuqori baho berildi.
Yetakchilar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
Suhbat yakunida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampga o‘zi uchun qulay vaqtda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishni taklif qildi.