Ombudsman taqdimnomasidan soʻng mahkumlar uchun mehnat sharoitlari yaxshilandi
Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili poytaxtdagi 51-son manzil-koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning ish bilan ta’minlangani hamda ular mehnat qilayotgan ishlab chiqarish obyektlaridagi sharoitlarni oʻrgandi.
Oʻrganish davomida koloniya ma’muriyati 5 ta MChJ bilan shartnoma tuzgani va 208 nafar mahkum mehnatga jalb etilgani aniqlandi. Biroq oʻrganilgan 5 ta obyektning 3 tasida sanitariya-gigiyena, ovqatlanish, tibbiy xizmat, mehnat muhofazasi hamda mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuvlarini tashkil etishda qator kamchiliklar qayd etildi.
Holat yuzasidan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma asosida ikkita ishlab chiqarish obyektida yuvinish va ovqatlanish joylari tartibga keltirilib, dezinfeksiya qilindi. Yuvinish xonalari ta’mirlanib, doimiy issiq va sovuq suv bilan ta’minlandi.
Shuningdek, mahkumlarning ovqatlanish ratsioni qayta koʻrib chiqildi, qoʻshimcha muzlatkichlar oʻrnatildi, yaqin qarindoshlar bilan uchrashuvlar uchun alohida xona tashkil etildi hamda uzoq muddatli uchrashuvlarni manzil-koloniyada oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Monitoring davomida kamchiliklari bartaraf etilmagan uchinchi ishlab chiqarish obyekti bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi.