Ombudsman ko‘magida fuqaroga qariyb 60 mln so‘m ish haqi va kompensatsiya undirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga fuqaro xususiy korxonalardan birida ekskavator mashinisti lavozimida ishlagani, biroq 2025-yilning yanvar–may oylari uchun ish haqi hamda mehnat shartnomasi bekor qilinganda to‘lanishi lozim bo‘lgan hisob-kitob mablag‘lari berilmaganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida ish beruvchining qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatlar fuqaro ixtiyorida mavjud emasligi aniqlangan. Shundan so‘ng Ombudsman mas’ul xodimlari xodim va korxona buxgalteriyasi o‘rtasidagi ish haqi qarzdorligiga oid Telegram yozishmalarini raqamli dalil sifatida da’vo materiallariga kiritishni tavsiya qilgan.
Ombudsman tomonidan fuqaro manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi va mazkur yozishmalarni raqamli dalil sifatida inobatga olish so‘raldi.
Sudning 2026-yil 26-martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, fuqaro foydasiga 54 303 000 so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda 5 000 000 so‘m ma’naviy zarar, jami 59 303 000 so‘m undirilishi belgilandi.