Davlat shaharsozlik kadastri geoaxborot portalida qanday ma’lumotlar mavjud?
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi dshk.shaffofqurilish.uz davlat shaharsozlik kadastri geoaxborot portali orqali shaharsozlik sohasiga oid turli ochiq ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Portalda shahar va tumanlarning bosh rejalari, funksional zonalar, rekonstruksiya, renovatsiya hamda konservatsiya hududlari xarita ko‘rinishida joylashtirilgan. Ushbu ma’lumotlar hududlarni rivojlantirish istiqbollarini baholash imkonini beradi.
Shuningdek, qurilayotgan obyektlarning joylashuvi, joriy holati, buyurtmachi, loyihachi va pudratchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etilgan. QR-pasport orqali esa obyektga oid hujjatlar bilan tanishish mumkin.
Bundan tashqari, portalda noqonuniy qurilishlar reyestri, seysmik xavf xaritalari, akselerogramma ma’lumotlari hamda qattiq maishiy chiqindilar poligonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ochiq e’lon qilingan.