Toshkentda yangi iqtisodiy zonalar, “Book cafe” va Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi
Prezidentning “Toshkent shahrini 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori (PQ–279-son, 2026-yil 27-iyul) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2031-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahrida tajriba tariqasida qator yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Jumladan, tumanlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va investitsiya loyihalarini kengaytirish maqsadida har bir tumanga maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari hududidan yer maydonlari biriktiriladi.
Shuningdek, Olmazor tumanidagi Yoshlar markazi binosida startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga ixtisoslashgan Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi.
Qaror bilan kitob savdosini rivojlantirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar ham belgilanmoqda. Xususan, “Toshkent kitob tijorat” uyushmasi a’zolariga aholi gavjum joylarda, bozorlarda, yirik savdo markazlarida va markaziy ko‘chalarda yengil konstruksiyali kitob do‘konlari, “Book cafe” hamda 24 soat faoliyat yuritadigan sayilgohlarda “Kitob ko‘chasi” loyihalarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq savdo markazlarida kitob do‘konlarini tashkil etish majburiy tartibda joriy etiladi.