O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi ilk bor 7 mln so‘mdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ilk bor 7 mln so‘mdan oshdi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 12 mln 13,9 ming so‘m, eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida — 4 mln 864,7 ming so‘mni tashkil etdi.
Sohalar kesimida esa eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida — 19 mln 100,2 ming so‘m, undan keyin axborot va aloqa — 17 mln 417,4 ming so‘m hamda tashish va saqlash — 11 mln 70 ming so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, sanoat sohasida o‘rtacha ish haqi 8 mln 267 ming so‘m, savdoda — 7 mln 650,5 ming so‘m, qurilishda — 7 mln 27,9 ming so‘mni tashkil etdi.
Ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 4 mln 977,1 ming so‘m, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa 4 mln 440,3 ming so‘m etib qayd etildi.