17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligi qayta ko‘rib chiqiladi
Prezident raisligida joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sanoat va eksport ko‘rsatkichlari tanqidiy tahlil qilindi.
Ta'kidlanishicha, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha sanoat rejasini bajarmagan 13 ta tuman hokimi va eksport ko‘rsatkichlarini pasaytirgan 15 ta tuman hokimi intizomiy javobgarlikka tortilgan edi. Natijada aksariyat hududlar tegishli xulosalar chiqarib, olti oylik prognoz ko‘rsatkichlarini bajargan.
Shu bilan birga, ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sish sur'atlari hamon qoniqarsiz ekani qayd etildi. Jumladan, Yangiobod tumani, G‘ozg‘on shahri, Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida belgilangan prognoz ko‘rsatkichlariga erishilmagan.
Shuningdek, eksport yo‘nalishida ham Kasbi, Denov, Toshkent tumani, Jizzax shahri, Paxtaobod, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l, Yozyovon va Bektemir tumanlarida ishlar sustligi tanqid qilindi.
Bosh vazirga mazkur 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligini bugunning o‘zida ko‘rib chiqish topshirildi. Shuningdek, to‘qqiz oy yakunlariga qadar ijobiy o‘zgarish kuzatilmasa, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat'iy choralar ko‘rilishi belgilandi.