“Alla” ilmiy-ijodiy ekspeditsiyasi ish boshladi
Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasi bilan o‘zbek milliy merosining ajralmas qismi bo‘lgan allalarni asl ijrosida audio va video formatda yozib olishga qaratilgan “Alla” ilmiy-ijodiy ekspeditsiyasi ish boshladi.
Bugunga qadar o‘zbek allalari yagona tizimda jamlanmagani sababli, ayrim namunalarning unutilib, yo‘qolib ketish xavfi mavjud. Shu bois, loyihaning asosiy maqsadi hududlarga xos allalarning o‘ziga xos ohangi, talaffuzi va ijro an’analarini saqlab qolishdan iborat.
Yig‘ilgan namunalar “Alla” yagona milliy platformasiga joylashtirilib, kelajak avlodlar uchun saqlanadi. Shuningdek, ular farzandiga milliy allalarni eshittirishni istagan ota-onalar uchun ishonchli manba vazifasini o‘taydi.
Ayni paytda ijodiy guruh Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tasvirga olish ishlarini olib bormoqda. Keyingi bosqichlarda ekspeditsiya O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham davom etadi.