“Muzeylararo 90 kun” loyihasiga start berildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy loyiha – “Muzeylararo 90 kun” ekskursiyalari boshlandi.
Mazkur loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa yosh avlodning Vatanimiz tarixi, taraqqiyot bosqichlari, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, milliy o‘zlik va qadriyatlarimiz haqidagi bilimlarini boyitish, yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan qahramonlar xotirasini abadiylashtirish hamda ularning ibratli hayoti va faoliyatini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Loyiha doirasida mahalla faollari, yoshlar, o‘quvchilar, talabalar va pedagoglar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi, G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishadi.
90 kun davomida qariyb 150 ming nafar fuqaroni qamrab olish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 868 ta mahalladan 72 450 nafar mahalla aholisi, 61 400 nafar maktab o‘quvchisi, 1 250 nafar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, tyutorlari va talabalari, shuningdek, 6 000 nafar kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari loyihada ishtirok etadi.