Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga elektropoyezdda bordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Bekobod shahriga elektropoyezdda bordi.
192 kilometr uzunlikdagi “Toshkent – Bekobod” temir yo‘l qatnovi kuniga qariyb 1 ming nafar, yiliga esa 300 ming nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Endilikda ushbu yo‘nalishda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektropoyezd harakatlanadi. Poyezdning maksimal tezligi soatiga 120 kilometrni tashkil etadi. Bu, ayniqsa, har kuni ish va o‘qishga qatnaydigan fuqarolar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar o‘rnatilgan.
Shuningdek, vagonlar konditsioner va isitish tizimlari, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari hamda Wi-Fi tarmog‘i bilan jihozlangan. Bundan tashqari, poyezdda videokuzatuv tizimlari, elektron axborot tablolari va velosipedlar uchun maxsus joylar ham mavjud.