O‘zbekiston madaniyati kunlari Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tmoqda
Joriy yilning 7–8-iyul kunlari Belarus Respublikasida "O‘zbekiston madaniyati kunlari" o‘tkazilmoqda.
Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Marat Markov bilan uchrashib, madaniyat, kino, teatr, muzey, kutubxona, madaniy ta’lim, kreativ industriya va raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar qo‘shma ishchi guruh tashkil etish, madaniy loyihalarni amalga oshirish hamda vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan "Yo‘l xaritasi"ni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.
Tashrif davomida delegatsiya Minsk shahridagi Belarus IT Parki hamda A. Glebov nomidagi Minsk davlat amaliy san’at kolleji faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, Minsk shahridagi "Pobeda" kinoteatrida "O‘zbek kinosi kunlari" tantanali ravishda ochildi. Dastur doirasida o‘zbek filmlari Belarus tomoshabinlariga namoyish etilmoqda.
8-iyul kuni Minskdagi "Respublika" saroyida o‘zbek san’at ustalari ishtirokida tantanali konsert dasturi hamda "Yangi O‘zbekiston" foto ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.