Ayrim OTMlarda bir nafar professor-o‘qituvchiga 200 nafardan ortiq talaba to‘g‘ri kelmoqda

Asosiy rasm

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingining muhim indikatorlaridan biri – professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi e’lon qilindi.

Natijalarga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarida bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 19,1 nafar talaba, xorijiy OTMlar filiallarida 32,9 nafar, nodavlat OTMlarda esa 55,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari yo‘nalishlari kesimida eng yaxshi ko‘rsatkich ijod (sport) yo‘nalishidagi OTMlarda qayd etilgan bo‘lib, ularda bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 8,4 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Tibbiyot OTMlarida bu ko‘rsatkich 13,6 nafar, amaliy fanlar yo‘nalishida 26,8 nafar, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi OTMlarda esa 44,3 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, ayrim oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchi va talabalar nisbati keskin yuqori bo‘lib, ayrim hollarda 200 nafardan ham oshgani qayd etilgan.

Agentlikka ko‘ra, bunday yuqori nisbat talabalar bilan individual ishlash, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish hamda ilmiy faoliyat samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ma’lumot uchun, ayni paytda mamlakat oliy ta’lim muassasalarida 1,6 milliondan ortiq talabaga 61 mingdan ziyod professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring