Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni AQSH Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

Asosiy rasm

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH milliy bayrami – Mustaqillik kuni hamda mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan AQSH Prezidenti Donald Trampga tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari tabrik maktubida Donald Trampni va do‘st Amerika xalqini ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy qutlab, ezgu tilaklarini izhor etdi.

Qayd etilishicha, AQSH rahbariyati olib borayotgan siyosat mamlakatning iqtisodiy salohiyati va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, shuningdek, global taraqqiyot hamda xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu ijobiy jarayonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidladi.

Maktubda o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, muhim mineral resurslar hamda innovatsion kooperatsiya yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari ekani qayd etildi.

Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi muloqot va amaliy sheriklikni mustahkamlash, noqonuniy migratsiya, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishi hamda boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy va global formatlarda, avvalo “C5+1” platformasi, BMT hamda boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik AQSH Prezidenti Donald Trampning qo‘llab-quvvatlashi bilan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Davlat rahbari joriy yil dekabr oyida Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmalik” (G20) sammiti doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni katta qiziqish bilan kutayotganini ham ta’kidladi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring