O‘zbekiston va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi aylanma iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi Tatyana Molchan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovni qabul qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda aylanma iqtisodiyot yo‘nalishida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, chiqindilarni boshqarish sohasini jadallashtirilgan raqamlashtirish hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Bazel konvensiyasi mintaqaviy markazini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash va ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda aylanma iqtisodiyot, ekologik xavfsizlik, atrof-muhitni boshqarishni raqamlashtirish hamda mintaqaviy ekologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi o‘rtasidagi hamkorlik muhim ekani ta’kidlandi.