Saida Mirziyoyeva Andijonda ijtimoiy obyektlar va suv ta’minoti masalalarini o‘rgandi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 24-iyun kuni Andijon viloyatida ijtimoiy sohadagi dolzarb masalalarni o‘rganish maqsadida bir qator obyektlarga tashrif buyurdi hamda hudud rahbarlari ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazdi.
Tashrif davomida Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘makay” oilaviy poliklinikasi ko‘zdan kechirildi. 1988-yildan buyon foydalanib kelinayotgan mazkur muassasa bugungi tibbiyot standartlari talablariga to‘liq javob bermasligi qayd etildi.
Shuningdek, 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktabdagi sharoitlar ham o‘rganildi. 1970-yillarda qurilgan bog‘cha hamda 1960-yilda barpo etilgan maktab binosi zamonaviy talablarga mos kelmasligi va o‘quvchilar soniga yetarli emasligi sababli ushbu obyektlarni yangidan qurish rejalashtirilgan.
Saida Mirziyoyeva tibbiyot va ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar aholi hayotida tez fursatda sezilarli natija berishi lozimligini ta’kidladi.
Shu kuni Andijon viloyati rahbariyati va tuman hokimlari ishtirokida o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda hududdagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda 1980-yillarda qurilgan magistral suv tarmog‘ini rekonstruksiya qilish masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Mazkur inshoot ko‘plab mahallalar, aholi xonadonlari va tashkilotlarning suv ta’minotida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, aholining turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi loyihalarni amalga oshirishni kechiktirmasdan, qarorlar ijrosini tezlashtirish va aniq natijalarga erishish muhim ahamiyatga ega.