O‘zbekiston IECning to‘laqonli a’zosiga aylandi
O‘zbekiston xalqaro standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasida muhim natijaga erishdi. Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning tegishli qaroriga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylanadi.
Shuningdek, IEC Bosh kotibi Filipp Metsgerning joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi tasdiqlandi. Mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
To‘laqonli a’zolik O‘zbekistonga xalqaro elektrotexnika standartlarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida bevosita ishtirok etish, IEC Bosh assambleyasida mamlakat nomidan ovoz berish hamda xalqaro standartlashtirish siyosatini shakllantirishda teng huquqli hamkor sifatida qatnashish imkonini beradi.
Endilikda o‘zbekistonlik mutaxassislar IEC texnik qo‘mitalari faoliyatida to‘liq ishtirok etib, yangi standartlarni ishlab chiqishda milliy sanoat manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, mamlakat vakillari tashkilotning boshqaruv organlari va qo‘mitalaridagi rahbarlik lavozimlariga nomzod ko‘rsatish hamda saylanish huquqiga ega bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu a’zolik xalqaro standartlarga moslashish, eksport salohiyatini oshirish, texnik savdo to‘siqlarini kamaytirish hamda mahalliy mahsulotlarning jahon bozorlariga chiqishini yengillashtirishga xizmat qiladi.