Kasbiy ta’limda xususiy sektor ishtiroki kengaytiriladi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unga ko‘ra, mazkur sohada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan yangi imtiyozlar joriy etiladi.

Xususan, xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskunalar va jihozlar importi bojxona bojidan ozod qilinadi. Shuningdek, xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassislar va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Mazkur yo‘nalishdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bino qurilishi va ta’miri, shuningdek, zarur uskunalarni xarid qilish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 7 foizi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislar va malakali o‘qituvchilarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Kasbiy malakani baholash uchun zarur uskunalar va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi, xorijda tan olinadigan hamda milliy kasbiy malaka sertifikatlarini olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi ham qoplab beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlarga sotilgan yer uchun to‘lovni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash, bo‘sh turgan davlat obyektlarini kamida 5 yil muddatga ijaraga olish hamda texnikumlardagi foydalanilmayotgan binolardan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu chora-tadbirlar xususiy sektorning kasbiy ta’limdagi ishtirokini kengaytirish, zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring