O‘zbekiston besh yilda 123 milliard dollar investitsiya jalb qildi
Bu yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi dunyoning 100 ta mamlakatidan 4 mingdan ortiq ishtirokchini jamladi. Forum dasturi doirasida eng dolzarb global iqtisodiy masalalar muhokama qilinib, hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar, investorlar hamda ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, forumda O‘zbekiston Prezidenti mamlakatni yanada rivojlantirishning oltita ustuvor yo‘nalishini belgilab bergan. Ular qatorida kapital bozorini rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyotni rag‘batlantirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda investorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish kabi vazifalar bor.
“O‘zbekiston o‘zining investitsiyaviy salohiyatini barqaror ravishda oshirib bormoqda: so‘nggi besh yilda mamlakatimizga 123 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Endilikda eng asosiy vazifa — erishilgan kelishuvlarni iqtisodiyot, biznes va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan real loyihalarga aylantirishdir”, — dedi Saida Mirziyoyeva.