Prezident Shavkat Mirziyoyev V Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi
Prezident ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilari uchun foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i va bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Kapitalning erkin harakati va istalgan valyutada hisob-kitob qilish imkoniyati so‘zsiz kafolatlanadi.
Kapital bozorini rivojlantirish va muqobil moliya vositalariga keng yo‘l ochish maqsadida “Kapital bozori to‘g‘risida”gi hamda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinadi.
Yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish uchun ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratiladi, auksionga qo‘yiladigan konlar soni 4 baravar ko‘paytiriladi. “Qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda barpo etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga xorijiy sarmoya keng jalb qilinadi.
“Yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etildi. Ushbu hududda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi, yo‘l, elektr va suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi. Shuningdek, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.
Mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish doirasida Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda strategik temir yo‘l qurilishi jadallik bilan davom ettirilmoqda. Janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkonini beradigan Transafg‘on koridori loyihasi ustida ham faol ish olib borilmoqda.
Hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida poytaxtga tutash hududda 2 million aholiga mo‘ljallangan zamonaviy Yangi Toshkent megapolisi bunyod etilmoqda. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish bo‘yicha loyihalar boshlab yuborilgan. Mamlakatimizda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida 10 milliard dollarlik kafolatlangan bozorni ta’minlaydi.