"O‘zbekiston temir yo‘llari" va YTTB o‘rtasida temir yo‘l sohasini raqamlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi
Bugun, 2026-yil 17-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) o‘rtasida "Transport va magistral harakatni boshqarish hamda kiberbarqarorlikni oshirish bo‘yicha axborot tizimlarini joriy etish" loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Loyiha temir yo‘l sohasini yanada raqamli transformatsiya qilish, tashishlarni boshqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda kompaniya faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Mazkur loyiha temir yo‘l transportini rivojlantirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.
Loyihaning muhim tarkibiy qismi "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot infratuzilmasining barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlashdan iborat bo‘lib, bu kompaniyaning asosiy biznes jarayonlarining barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.