O‘zbekiston vakili ketma-ket ikkinchi bor COOMET Prezidenti etib saylandi

Asosiy rasm

COOMET Qo‘mitasining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan 38-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov ketma-ket ikkinchi muddatga COOMET Prezidenti etib saylandi.

Mazkur qaror O‘zbekistonning xalqaro metrologiya sohasidagi nufuzi tobora ortib borayotganini hamda mamlakatimiz tomonidan COOMET doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar va samarali hamkorlik xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Lazizbek Saidoripov rahbarligida so‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy metrologiya tashkilotlari bilan hamkorligi sezilarli darajada kengaydi. Milliy metrologiya tizimini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, o‘lchashlar birligini ta’minlash hamda zamonaviy sinov va kalibrlash infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator muhim ishlar amalga oshirildi.

Yig‘ilish doirasida yana bir muhim natija qayd etildi. Ilk bor O‘zbekiston vakillari COOMET tarkibiy organlariga rahbar etib saylandilar. Xususan, Azamat Taubaldiyev TQ 1.9 “Ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik” texnik qo‘mitasi raisi, Alisher Botirov esa IG 1.6.6 “Sarf o‘lchash” ishchi guruhi raisi etib saylandi.

Mazkur natijalar o‘zbekistonlik mutaxassislarning yuqori salohiyati, kasbiy mahorati va xalqaro metrologiya hamjamiyatidagi obro‘-e’tiborini namoyon etib, ularga bo‘lgan yuksak ishonchning amaliy ifodasi bo‘ldi.

COOMET doirasidagi faol ishtirok va rahbarlik lavozimlariga saylanish O‘zbekistonning xalqaro metrologiya maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda sohadagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, COOMET Qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tadi.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring