Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga tavallud kuni – yubileyi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Maktubda Donald Tramp boy tajribaga ega, o‘z xalqining hurmat va e’tiboriga sazovor bo‘lgan davlat arbobi sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, uning qat’iy siyosiy yetakchiligi va mustahkam irodasi tufayli AQSHning xalqaro maydondagi nufuzi va qudrati tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlangan.
Tabrikda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi sur’atiga ham alohida e’tibor qaratilib, o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etilgan.
“Bugun O‘zbekiston – AQSH aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir”, – deyiladi tabrikda.