Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘cha piyodalar hududiga aylantiriladi
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va bog‘dorchilikka, Oqdaryo tumani parrandachilik va to‘qimachilikka, Narpay tumani hamda Kattaqo‘rg‘on shahri esa sanoat va xizmat ko‘rsatish markaziga aylantiriladi.
Narpay tumanida 100 gektarlik sanoat zonasi tashkil etilib, unga Yaponiyaning 10 ta yirik kompaniyasi hamda 500 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya jalb qilinadi. Shuningdek, Bulung‘ur, Qo‘shrabot va Oqdaryoda yirik naslchilik hamda parrandachilik korxonalari ishga tushiriladi.
Samarqandning tarixiy markazidagi 13 ta ko‘cha piyodalar hududiga aylantiriladi. Shu bilan birga, “Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul” turistik zonasi kengaytiriladi. Mehmonxonalar soni 850 taga, turizm xizmatlari hajmi esa 750 million AQSH dollariga yetkaziladi.
Samarqand shahridagi “Kimyogarlar” qo‘rg‘oni renovatsiya qilinadi, “Temiryo‘l orti” hududida esa madaniyat va sport maskanlari barpo etiladi.