Sherzod Asadov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Moskvada qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi
Moskva shahriga uch kunlik tashrif davomida Sherzod Asadov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, Administratsiya rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Prezidentning strategik sheriklik va hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Vadim Titov, Prezidentning jamoat loyihalari boshqarmasi boshlig‘i Sergey Novikov hamda Prezidentning AKT va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Tatyana Matveeva bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Shuningdek, Rossiyaning qator jamoat va yoshlar tuzilmalari, kreativ hamda media tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Asosiy e’tibor muntazam professional muloqotni rivojlantirish, matbuot xizmatlari, tahlil markazlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma ta’lim tadbirlarini tashkil etish masalalariga qaratildi.
Boshqaruv kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy markaz — “Senej” boshqaruv ustaxonasi faoliyati bilan tanishuv katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar tomonlarning media va kommunikatsiyalar sohasida ochiq muloqot, tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini tasdiqladi.