O‘zbekistonda 2026-yilda 200 kilometr yo‘l qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan
Joriy yilda yo‘l xo‘jaligi sohasidagi 15 ta loyiha doirasida 442 million dollar o‘zlashtirish, 200 kilometr avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva brifingda ma’lum qildi.
Loyihalarning 13 tasi xalqaro moliya institutlari ishtirokida, ikkitasi davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.
Yanvar–sentabr oylarida to‘qqizta loyiha doirasida 110 kilometr yo‘l rekonstruksiya qilinib, 214,3 million dollarlik ishlar bajarilgan. Belgilangan reja 101 foizga bajarilgan.
Amalga oshirilayotgan loyihalar orasida Surxondaryodagi 4R105 va 4R100, Qoraqalpog‘iston hamda Buxorodagi A380, Qashqadaryodagi M39 avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlari o‘rin olgan.
Shuningdek, ichki yo‘llarga sement-beton qoplama yotqizish, Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi yo‘llarni ta’mirlash hamda A373 yo‘lining dastlabki 37 kilometrini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tenderlar e’lon qilingan. To‘rtta loyiha doirasida qurilish ishlari boshlangan.