Toshkentdan Samarqandga borish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi
Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yangi avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Loyiha amalga oshirilgach, ikki shahar o‘rtasidagi yo‘lni bosib o‘tish vaqti 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Qiymati qariyb 2,2 mlrd AQSH dollari bo‘lgan 6 polosali zamonaviy avtomagistralning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich hamda 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi barpo etiladi.
Yo‘lga og‘ir yuk va yuqori tezlikda harakatlanuvchi transport vositalari qatnoviga bardoshli monolit beton qoplama yotqiziladi. Tekis hududlarda transport vositalarining soatiga 150 kilometr tezlikda harakatlanishi uchun sharoit yaratiladi. Shuningdek, zamonaviy xavfsizlik tizimlari va raqamli yechimlar yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirishga xizmat qiladi.
Yangi magistral foydalanishga topshirilgach, yo‘l orqali bir sutkada 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasi harakatlanishi, yuk tashish tannarxi esa 20–24 foizga kamayishi kutilmoqda.