«Issiqlikta’minoti» issiq suvdagi hid va rang o‘zgarishini ta’mirlash ishlari bilan izohladi
«Issiqlikta’minoti» AJ Toshkentda issiq suvning hidi, rangi yoki tiniqligi vaqtincha o‘zgarishini tizimni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari bilan bog‘ladi. Tashkilot hozir tizim odatiy rejimda ishlayotganini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida quvurlar bosim ostida sinalmoqda, ayrim tarmoqlar qayta ulanmoqda va uskunalar sozlanmoqda.
Bu jarayonda suv aylanishi sekinlashib, quvurlarda to‘plangan tuz va korroziya zarrachalari suvga qo‘shilishi mumkin. Tashkilot izohiga ko‘ra, hid, rang va tiniqlikdagi vaqtinchalik o‘zgarishlar shundan kelib chiqadi.
Shuningdek, iste’molchilar «kerosin» yoki «kimyoviy hid» deb ta’riflayotgan hid suvda zaharli moddalar yoki neft mahsulotlari borligini anglatmasligi qayd etilgan. Tashkilot buni ta’mirdan keyin tizimni qayta ishga tushirish bilan bog‘liq vaqtinchalik holat sifatida izohlagan.