O‘zbekiston aeroportlari yaqinida havo sifatini kuzatuvchi stansiyalar o‘rnatilmoqda
Uzbekistan Airports aeroportlar yaqinida havo sifatini avtomatik kuzatish tizimini joriy etmoqda. Shunday stansiya 15-oktabrda Farg‘onada o‘rnatilgan, Samarqandda esa uskunani o‘rnatish va sozlash ishlari 9-oktabrda yakunlangan.
Stansiyalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalarida joylashtirilib, havo holatini tun-u kun kuzatadi. Ular PM2.5 va PM10 mayda zarrachalari, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi va boshqa ifloslantiruvchi moddalar miqdorini o‘lchaydi.
Shuningdek, harorat, namlik, atmosfera bosimi, shamol tezligi va yo‘nalishi qayd etiladi. Natijalar atrof-muhit monitoringi tizimining yagona geoinformatsion ma’lumotlar bazasiga avtomatik uzatiladi.
Loyiha Malkam Environmental Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Keyinchalik boshqa aeroportlar yaqinida ham shunday stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan.