8 million dollarni xorijga chiqargan jinoiy guruh fosh etildi
DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi va viloyat IIB hamkorligidagi tezkor tadbirlarda soxta koll-markaz orqali fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, besh nafar shaxs Toshkentning Mirobod tumanida noturar binoni ijaraga olib, koll-markaz tashkil qilgan. Qo‘ng‘iroqlar uchun boshqa bir ijaradagi xonadonga noqonuniy GSM-shlyuz qurilmasi o‘rnatilgan.
Guruh a’zolari o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, fuqarolar nomiga firibgarlar kredit olishga urinayotganini aytgan. Shu bahona shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, kartalardagi pullarni o‘zlashtirgan va jabrlanuvchilar nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgan.
Guruhga muqaddam sudlangan, 1979-yilda tug‘ilgan shaxs rahbarlik qilgan. Uning a’zolari orasida banklardan biri bosh ofisining kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgan.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy yo‘l bilan olingan 8 mln dollar kriptovalyutaga aylantirilib, soxta MChJ orqali xorijga chiqarilgan va legallashtirilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergovda ushbu faoliyatga aloqador 10 nafar shaxs aniqlangan.