Poytaxt mintaqasidagi issiqxonalarga «yashil» texnologiyalarga o‘tish sharti bilan faoliyatini davom ettirishga ruxsat berish taklif etilmoqda
Ekologiya qo‘mitasi poytaxt mintaqasidagi issiqxonalarni ekologik toza isitish texnologiyalariga o‘tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.
Yunusobod aholisi ko‘mirda isitiladigan issiqxonalardan tarqalayotgan noxush hid va havo sifati yomonlashganidan shikoyat qilgan. Mutaxassislar joyiga chiqib, havodan namunalar olgan. Maxsus komissiya issiqxonalar, sanoat korxonalari, transport va isitish tizimlarining poytaxt havosiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.
Issiqxonalarni gaz, elektr, quyosh, geotermal energiya va boshqa toza issiqlik manbalariga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Bunday imkoniyat bo‘lmasa, xo‘jaliklar sertifikatlangan qozonlar, tozalash filtrlari va onlayn monitoring tizimlarini o‘rnatib, ko‘mirdan foydalanishga ruxsat so‘ramoqda.
Takliflar idoralararo ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilgan. Biroq 30-sentabr va 8-oktabrdagi o‘lchovlarda taqdim etilgan filtr namunasi tashlamalarni belgilangan me’yorgacha kamaytira olmagan. Filtr takomillashtirilgach, sinovlar takrorlanadi.
«Yashil» texnologiyalarga o‘tadigan xo‘jaliklar uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlari nazarda tutilmoqda. Ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxonalar faoliyatiga taqiq esa saqlanadi.