O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov 79 yoshida vafot etdi
Butun hayoti va faoliyatini qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyatov 23-sentabr kuni 79 yoshida vafot etdi.
Parda Ziyatov 1947-yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabdan so‘ng Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
Harbiy xizmatdan qaytgach, mehnat faoliyatini Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshlagan. Keyinchalik ushbu xo‘jalikda brigada boshlig‘i va shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Parda Ziyatov 2003–2018-yillarda “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilgan. U agrar islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, paxtachilik va g‘allachilikda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga katta hissa qo‘shgan.
Tajribali fermer ko‘plab yoshlarga ustozlik qilib, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashda ham faol qatnashgan.
Parda Ziyatov 1990–1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015-yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi, shuningdek, xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritgan. U hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash hamda obodonlashtirish ishlarida tashabbuskorlik ko‘rsatgan.
U nafaqaga chiqqanidan keyin ham qishloq va mahallalarni obod qilish, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etgan.
Parda Ziyatovning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib e’tirof etilib, u “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan edi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining taniqli namoyandasi, mehnat faxriysi, samimiy va kamtarin inson Parda Ziyatovning yorqin xotirasi qalblarda hamisha saqlanib qoladi.