Toshkentdagi yashil hududlar saqlab qolinishi kerak – Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi

Asosiy rasm

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim yashil hududlar o‘rnida avtoturargoh qurilishi, shuningdek, jamoat parki tashkil etish rejalashtirilgan yer maydonining auksion savdosiga chiqarilgani haqidagi xabarlar keng muhokama qilinmoqda.

Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi ushbu masalalar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Qo‘mita pozitsiyasiga ko‘ra, shahar markazidagi mavjud yashil hududlarni qisqartirish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun mo‘ljallangan jamoat joylari o‘rnida qurilish obyektlarini barpo etish maqsadga muvofiq emas. Avtoturargohlar tashkil etishda ham ko‘kalamzor maydonlarning kamayishi va piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Shuningdek, sotuvga chiqarilgani aytilayotgan “Navro‘z” bog‘iga tegishli ko‘chmas mulk obyektlaridan birining yer maydonida jamoat parki tashkil etish belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 83-son qaroriga muvofiq, Toshkent shahri Yunusobod tumani “Matonat” mahallasidagi 1,6 gektar hududda jamoat parki barpo etilishi nazarda tutilgan.

Milliy qo‘mita mazkur hudud hukumat qarorida belgilangan maqsadga muvofiq saqlanishi va unda jamoat parki tashkil etilishi zarurligini ta’kidladi.

Qo‘mita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlarni va jamoat parki uchun ajratilgan yerni saqlab qolish muhim, deb hisoblaydi.



Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring