Centrum Air’ning Istanbul – Toshkent reysi 3 soatdan ortiq kechikgani yuzasidan o‘rganish boshlandi
Raqobat qo‘mitasi Centrum Air aviakompaniyasining Istanbul – Toshkent yo‘nalishidagi C6302 reysi 3 soatdan ortiq kechikgani va bu holat yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘lgani yuzasidan o‘rganish olib bormoqda.
Qo‘mita reys kechikishi vaqtida yo‘lovchilarga zarur axborot va tegishli xizmatlar ko‘rsatilgani, shuningdek, iste’molchilar huquqlari ta’minlanganini o‘rganadi.
Agar tekshiruv yakunida qonun buzilishi aniqlansa, kompaniyaga nisbatan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirga qadar Centrum Air va boshqa aviakompaniyalar xizmatlari bo‘yicha 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, aviakompaniya aybi bilan reys kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pul kompensatsiyasi to‘lash tartibini joriy etish bo‘yicha Transport vazirligiga taklif va ko‘rsatmalar kiritilgan.
Aviatashuv xizmatlarida iste’molchilar huquqlari buzilgan holatlar bo‘yicha 1159 raqamiga murojaat qilish mumkin.