Raqobat qo‘mitasi Qoraqalpog‘istonda o‘zaro til biriktirgan 22 ta gaz quyish shoxobchasiga moliyaviy jarimalar qo‘lladi
Fuqaro murojaati asosida Nukus shahridagi 22 ta gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasidagi narxlar o‘rganildi.
Shoxobchalar bir vaqtning o‘zida 1 m³ siqilgan gaz narxini amaldagi narxga nisbatan o‘rtacha 1 050 so‘mgacha oshirib sotgani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 19-moddasi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilib, ularni ko‘rib chiqish yakunida moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish va takrorlanishining oldini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Qarordan norozi bo‘lgan 9 ta subyekt sudga murojaat qilgan. Sud qo‘mita qarorlarining qonuniyligini tasdiqlagan.