Aziz Abduhakimov: “Yashil makon” doirasida 1 milliarddan ortiq ko‘chat ekilgan
Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Koreya Respublikasida o‘tkazilgan Koreya – Markaziy Osiyo o‘rmonlar va iqlim masalalari bo‘yicha vazirlar forumida ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 1 milliarddan ortiq ko‘chat ekilgani, mamlakatning ko‘kalamzorlashtirish darajasi 8 foizdan 14 foizga oshgani ma’lum qilindi. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etilgani qayd etildi.
Forumda “Koreya – Markaziy Osiyo: Yashil hamkorlik”ni rivojlantirish, “Markaziy Osiyoning yashil qalqoni” tashabbusini amaliy bosqichga olib chiqish, mintaqaviy uglerod xabini tashkil etish va qurg‘oqchil hududlar uchun Arid Lands Carbon Standardni ishlab chiqish takliflari ham ilgari surildi.