Andijonda “Mini texnologiyalar yarmarkasi” o‘tkazildi
Biznesni rivojlantirish banki ATB tomonidan Xo‘jaobod tumanida Kichik biznesga ko‘maklashish markazi va tuman hokimligi hamkorligida “Mini texnologiyalar yarmarkasi” tashkil etildi.
Yarmarkada ishsiz va kam daromadli fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda daromad manbaini yaratish uchun mo‘ljallangan imkoniyatlar taqdim etildi.
Tadbir davomida 100 dan ortiq texnologiya namoyish etildi. 10 dan ziyod yetkazib beruvchi tomonidan uy sharoitida va kichik ishlab chiqarish obyektlarida foydalanishga mo‘ljallangan uskunalar taklif qilindi.
Shuningdek, 500 nafardan ortiq ishtirokchiga mahalla bankirlari va hokim yordamchilari tomonidan maslahatlar berilib, lizing va imtiyozli kredit shartlari tushuntirildi.
Yarmarkaning o‘zida 14 nafar fuqaro tanlagan uskunasi bo‘yicha dastlabki shartnomalarni rasmiylashtirdi. Kelib tushgan murojaatlar asosida fuqarolarni daromadli faoliyatga yo‘naltirish ishlari davom ettirilmoqda.