Raqobat qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini o‘rganmoqda
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi platformalarni o‘rganishni boshladi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning bugungi kun holatiga telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushgan shikoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobar ko‘payib, 1 000 dan oshgan.
Tahlillar davomida ayrim operator va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida tariflar va narxlar, xizmat ko‘rsatish shartlari, ommaviy oferta va boshqa zarur ma’lumotlar to‘liq joylashtirilmagani aniqlangan. Shuningdek, ayrim ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilmayotgani qayd etilgan.
Qo‘mita hozirda ochiq manbalar asosida striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar platformalarida iste’molchilar uchun zarur axborotlarning mavjudligi hamda ularning qonunchilik talablariga muvofiqligini o‘rganmoqda.
Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan mobil ilova va veb-saytlardagi ma’lumotlarni to‘liq joylashtirish hamda ularni amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish talab etildi.
Iste’molchilar o‘z takliflarini info@raqobat.gov.uz va consumer@antimon.gov.uz elektron manzillariga yuborishlari mumkin.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.