Chotqolda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va Sibir tog‘ echkilari fototuzoqqa tushdi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi hududiga o‘rnatilgan fototuzoqlar Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va Sibir tog‘ echkilarini qayd etdi.
Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i mintaqa tog‘ ekotizimlaridagi eng yirik yirtqichlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston Qizil kitobiga zaif maqomdagi kenja tur sifatida kiritilgan. U G‘arbiy Tyan-Shanning borish qiyin bo‘lgan hududlarida yashaydi va tabiiy muvozanatni saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Sibir tog‘ echkisi esa baland tog‘li hududlarning o‘ziga xos vakili hisoblanadi. Mustahkam tuyoqlari va yuqori chidamliligi unga tik va toshloq yonbag‘irlarda erkin harakatlanish imkonini beradi.
Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi G‘arbiy Tyan-Shanning noyob tog‘ ekotizimlari va boy biologik xilma-xilligini asrab-avaylashga xizmat qiladigan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan biridir.