Asalarichilik va tikuvchilik: yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalar ko‘rib chiqildi
Mikrokreditbank Boshqaruvi raisi Malik Avazov “Dolzarb 40 kunlik” doirasida Buxoro viloyatidagi past toifaga kiritilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Jumladan, Jig‘achi mahallasida faoliyat yuritayotgan asalarichilik kooperatsiyasi hamda zamonaviy tikuvchilik korxonasi faoliyati o‘rganildi.
Shuningdek, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilandi.
Bank ko‘magida tashkil etilgan kooperatsiya orqali aholi asalarichilik faoliyatiga keng jalb etilib, “Biobol Organic” brendi ostida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Tashrif davomida ushbu brend faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Safar davomida yuzlab xotin-qizlarning bandligini ta’minlayotgan tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan ham tanishilib, malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida o‘quv markazini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.