“O‘zbekiston temir yo‘llari” Zarafshon bo‘yidagi holatga munosabat bildirdi

Asosiy rasm

Ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon daryosi bo‘yidagi temir yo‘l uchastkasining shikastlangani aks etgan videolar yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 3-iyul kuni Samarqand viloyati Tayloq tumani hududidan o‘tuvchi “Samarqand – Urgut” temir yo‘l uchastkasining ma’lum qismiga shikast yetgan.

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston va Tojikiston Respublikasining tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin ko‘paygan. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarni yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgargan.

Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘lgan. Natijada daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetgan. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan.

Ayni paytda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berildi. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirildi.

Hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring