Asakabank rahbariyati tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi
Asakabank rahbariyati tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, qator masalalar joyida hal etildi.
Hafta davomida Asakabankning Yunusobod BXM, Shayxontohur Guliston BXM, Avtotransport BXM, Poytaxt BXM, Termiz BXM hamda Samarqand viloyatidagi bank xizmatlari markazlarida tadbirkorlar ishtirokida ochiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda bank axborot xizmati ma’lum qildi.
Muloqotlar davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolar, yangi investitsion va tadbirkorlik loyihalari, kredit mablag‘lari ajratish, aylanma mablag‘larni moliyalashtirish hamda bank xizmatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va murojaatlarini bildirdi.
Ayrim masalalar yuzasidan joyida amaliy yechimlar ishlab chiqilib, tadbirkorlarga mas’ul xodimlar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvlarda biznesni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy bank xizmatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar kelgusidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va xizmatlar sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.