2030-yil 1-yanvardan tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin
Bu tartib Hukumatning 19-oktabrdagi 577-son qarori bilan belgilandi.
Faoliyat yuritish huquqi besh yilga beriladi. Uni davom ettirish uchun xodimlar har besh yilda qayta ro‘yxatdan o‘tadi. Vakolatli organ – Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi.
2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvargacha ro‘yxatdan o‘tish ixtiyoriy bo‘ladi. Bu maxsus imtihon natijalari asosida yoki malaka toifasini berish jarayonida avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish staji va ilmiy darajasi bor xodimlar maxsus imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Biroq murojaat sanasiga qadar mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz ishlamagan xodimlarga bu istisno tatbiq etilmaydi.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal yoki Tibbiy malaka platformasi orqali qabul qilinadi. Talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki qo‘ymaslik haqida besh ish kunida qaror qabul qilinadi.
Guvohnoma faqat elektron shaklda beriladi va yagona elektron reyestr orqali tekshiriladi.
Qaror rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.