O‘zbekiston TIV Makkaga dron hujumiga urinishni qoraladi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonining muqaddas Makka shahriga yo‘naltirilgan uchuvchisiz uchish apparatidan foydalangan holdagi hujumga urinishni qat’iyan qoraladi.
Vazirlik Saudiya Arabistoni bilan to‘liq birdamligini bildirib, muqaddas qadamjolar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga tahdid soluvchi har qanday harakatni nomaqbul deb baholadi.
Shuningdek, barcha tomonlar vazminlikka, xalqaro huquq normalariga rioya qilishga hamda davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirildi.
O‘zbekiston keskinlikni kamaytirish, mojaroning yanada kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. O‘zbekiston TIV bundan avval ham Saudiya Arabistoni hududiga raketa va dron hujumlarini qoralab, nizolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga chaqirgan edi.