Pensiya yoshini 2028-yildan bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda
Prezidentning pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga oid Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatga ko‘ra, 2028-yil 1-yanvardan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish va 2039-yilga kelib erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash taklif qilinmoqda.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan 5 yillik ish haqi davrini bosqichma-bosqich 20 yilgacha uzaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizi hisob-kitobdan chiqarib tashlanadi.
Yoshga doir pensiya uchun talab etiladigan eng kam ish stajini hozirgi 7 yildan bosqichma-bosqich 15 yilga yetkazish taklif etilmoqda. Zarur stajga ega bo‘lmagan fuqarolarning umumiy pensiya yoshidan besh yil o‘tib yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanadi.
2028-yil 1-apreldan birinchi marta pensiya tayinlashda hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravarigacha oshirish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarning ikki yil oldin muddatidan ilgari pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi. 2030-yildan esa jamg‘arib borilgan pensiya mablag‘laridan og‘ir kasallikni davolash yoki ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish taklif qilinmoqda.
Loyiha muhokamasi 30-sentabrgacha davom etadi.