Xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishida aholini profilaktik emlash tartibi belgilandi
Karantinli va inson uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lganda aholini profilaktik emlash tartibini belgilovchi hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, profilaktik emlash Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida joriy etiladi.
Birinchi navbatda:
– kasallikni yuqtirish yoki boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar;
– bemor bilan muloqotda bo‘lganlar;
– epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘yicha emlanishi lozim bo‘lganlar emlanadi.
Emlash faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan va tibbiyotda qo‘llashga ruxsat etilgan vaksinalar bilan amalga oshiriladi.
Emlashdan oldin shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va unga vaksina, ehtimoliy ta’sirlar hamda emlashni rad etishning huquqiy oqibatlari tushuntiriladi.
Emlangan shaxs haqidagi ma’lumotlar Yagona tibbiyot axborot tizimiga kiritiladi.
Emlashdan keyin shaxs dastlabki 30 daqiqa tibbiyot xodimi, keyingi 3 kun esa shifokor va patronaj hamshira kuzatuvida bo‘ladi.